Til - ma’naviyat asosi

Maʼnaviyat – inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha.

Barchamizga maʼlumki, insonning tashqi va ichki olami mavjud. Tashqi olamiga uning koʻrinishi, kiyinishi, xatti-harakati va boshqalar kiradi. Ichki olami esa uning yashashdan maqsadi, fikr yuritishi, orzu-istaklari, intilishlarini oʻz ichiga oladi. Insonning ana shu ichki olami maʼnaviyatdir. Maʼnaviyat kamol topgan jamiyatda qobiliyat, isteʼdod egalari shu jamiyatning, millatning yuzi, gʻururi, obroʻ-eʼtibori hisoblanadi. Maʼnaviyatli jamiyatda aql, sogʻlom fikr, adolat va yaxshi xulq ustuvordir. Bunday jamiyatda xalqning ertangi kunga ishonchi kuchli boʻladi.

Til esa hayotning boshlanishi. Inson o‘z ona tili yordamida yangi tushunchalarni anglay boshlaydi. Ona tili bizga ona suti bilan singdiriladi. Inson ulg‘aygan sayin atrofidagilar bilan muloqot qilish, badiiy kitoblar o‘qish orqali so‘z boyligini oshirib boradi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Til – jamiyatning asosiy tayanchi, millat ruhi va davlatchilik taqdiri. Har bir xalq va millat, davlat va jamiyatning o‘tmishi, buguni va kelajagini, uning mavjudligini birgina omil – ona tili bildirib turadi. Til – muloqot zarurati tufayli yaralgan, muloqot jarayonida insoniyat yaratgan barcha yangiliklarni, tafakkur mevalarini anglatib, avloddan-avlodga yetkazib, avaylab-asrab keladi. Shunday ekan, til va ma’naviyat bir-biri bilan uzviy bog‘liq sanaladi.

Keyingi yillarda ona tilimiz mavqeyini yuksaltirish, uni chinakam davlat tiliga aylantirish uchun sa’y-harakatlar kuchaymoqda.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida Prezidentimiz 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmonini imzoladi. Bu esa quyidagi maqsadli vazifalarga erishishni nazarda tutadi:

- o‘zbek tilining mamlakatimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish;

- o‘zbek tili ta’limini takomillashtirish, yoshlarni milliy hamda umuminsoniy an’ana, qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosidan g‘ururlanish va ularni yanada boyitish ruhida tarbiyalash;

- jamiyatda o‘zbek tiliga (davlat tiliga) hurmat-e’tibor va mehr-muhabbat muhitini shakllantirish;

- mamlakatimizda har bir fuqaroning davlat tilini bilishiga va buni burch va majburiyat sifatida his etishiga erishish kabilarni nazarda tutadi.

O‘zbek tili dunyodagi eng boy tillardan biridir. Ona tilimiz yurtimizdagi qadim va muqaddas, iste’molga doim yaroqli bo‘lishi shart. Uning ichki imkoniyatlari cheksiz. Undan unumli foydalanish, tilning sofligi, tabiiyligi uchun kurashish, og‘zaki va yozma nutqda til me’yorlariga to‘liq rioya qilishni saqlab qolish barchamizning muqaddas burchimizdir.

21-oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi ham ona tilimizni rivojlantirish uchun muhim asos sanaladi. Tilimiz mavqeyini tubdan oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni doirasida boshlangan ishlar esa tom maʼnoda islohotlar davomidir.

Yangi darsliklar, qiyosiy va turli sohalarga oid lug‘atlar, ish yuritish va so‘zlashuv qo‘llanmalari nashr etish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida nom hamda reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu esa davlat tili talablariga va qadriyatlarimizga zid. Umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganiga sabab bo‘lmoqda. Shu kabi holatlarni oldini olish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etilib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas

Ona tiliga muhabbat har bir so‘zning ma’nosini chuqur anglagan holda ishlatish, uni yaxshi bilish, asrab-avaylash kabilarda namoyon bo‘ladi. Shunday ekan, tilimizning beqiyosligini, rang-barangligini, kelgusi avlodga teran yetkazishimiz muqaddas burchimiz ekanligini aslo unutmasligimiz lozim. Ayni damda yoshlarimiz ongida milliy g‘ururni oshirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy sohalarda taraqqiy ettirish, xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun ham ona tilimizni yanada boyitishimiz, uni puxta egallashimiz zarur.

Ona tilimiz milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas xazinasidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning muqaddas insoniy burchimizdir.

Jasur Shamsiyev,

Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo'linmasi rahbari.

2015-2024 © Хокимият Пайарыкского района. Разработан в: SAKTRM