"Do'stlik" mahallasida yangi maktab qurilishi belgilandi

Joriy yilning 18-noyabr kuni “Qalampir.uz” sayti orqali Samarqand viloyati Payariq tumani “Doʼstlik” mahallasida yashovchi aholining yangi maktab qurib berishni soʼrab qilgan murojaati e’lon qilindi.

Holat yuzasidan joriy yilning 19-noyabr kuni tumanga biriktirilgan sektor rahbari (viloyat prokurori), tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruhi va xalq ta’limi vazirligining Qurilish boshqarmasi boshligʼi hamda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosari, tuman xalq taʼlimi boʼlimi masʼul xodimlari tomonidan joyida oʼrganildi.

Oʼrganish yakuniga koʼra, Payariq tumani Doʼstlik mahallasi Kattasoy qishlogʼining aholisi tarqoq holda joylashgan boʼlib, 1998–yilda bosh reja loyihasisiz uy-joylar qurgan holda 20-25 xonadon yashay boshlagan. Yillar o'tib qishloqqa Payariq, Qo'shrabot va katta qismi Ishtixon tumanlaridan fuqarolar ko'chib kelgan. So'nggi 5 yil ichida ko'chib kelishlar soni ortishi natijasida tumanning ayrim ko'rsatgichlaridan chetda qolgan.

Kattasoy qishlogʼida 336 nafar maktab oʼquvchilari mavjud boʼlib, shundan 214 nafar oʼquvchilar Payariq tumanidagi 30-sonli maktabga, 84 nafari Ishtixon tumanidagi 72-sonli maktabga, 38 nafari esa Ishtixon tumanidagi 91-sonli maktabga qatnab taʼlim olmoqdalar.

Mazkur qishloqning eng chekka qismidan 30-sonli maktabgacha boʼlgan masofa 4 kilometrni tashkil qiladi, Ishtixon tumanidagi 72-sonli maktabning oraliq masofasi 3 - 4,0 km, Ishtixon tumanidagi 91-sonli maktabning oraliq masofasi 3,5 - 5,0 kmni tashkil etadi.

Payariq tumanidagi 30-sonli maktabning quvvati 460 oʼquvchi oʼrniga (2005-yil 300 oʼringa, 2019-yilda o'quvchi soni ortganligi bois 160 oʼringa moʼljallangan yangi qo'shimcha bino qurib, foydalanishga topshirilgan) moʼljallangan boʼlib, bugungi kunda 906 nafar oʼquvchilar taʼlim-tarbiya olmoqdalar (navbatlilik koeffitsenti 2,0 ni tashkil qiladi).

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-sentabrdagi 130-son Rayosat bayoniga koʼra 2022-yilda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladigan maktablarning Manzilli roʼyxati tasdiqlangan boʼlib, ushbu manzilli roʼyxatga Payariq tumanidagi Kattasoy qishlogʼida yangi maktab binosi qurilishi rejalashtirilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur hududga 330 oʼrinli yangi zamonaviy maktab binosini qurish taklifi berilib, 2022-yil qoʼshimcha taklif etiladigan Manzilli roʼyxatga kiritilishi belgilandi.

 

2015-2021 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM