Maktabgacha ta’lim sohasi bola shaxsini tarbiyalash va ularni maktabga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi

Maktabgacha ta’lim sohasi uzluksiz ta’lim tizimining birlamchi bo‘g‘ini hisoblanib, u har tomonlama sog‘lom va barkamol bola shaxsini  tarbiyalash va ularni  maktabga tayyorlashda  g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda  yoshlarning kelajagiga qaratilayotgan e’tibor,  ta’lim tizimida istiqbolli dasturlar asosida olib borilayotgan amaliy ishlar  Vatan, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

 Maktabgacha ta’lim tashkilotlari maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning savodini chiqarish, ularda Vatanni sevish, u bilan g‘ururlanish hissini uyg‘otish, dunyoqarashini kengaytirish imkonini  beradi.  Zamonaviy bog‘chalarda ta’lim-tarbiya olayotgan o‘g‘il-qizlar jamiyatga munosib inson bo‘lib ulg‘ayishadi. Payariq tumanida 2019-yil davlat xususiy sherikchilik asosida “Manzurabonu” va “Davlatbek ko‘zmunchog‘i” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilib, bolajonlarni maktab ta’limiga qamrab olgan edi. Har ikkala bog‘chada ham 150 nafardan jami 300 nafar jajjilar zamonaviy shart-sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishyapti.

 Mashg‘ulot xonalari, oshxona yangicha uslubda jihozlangan. Bu yerda bolajonlarning dastlabki bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish uchun barcha zarur qulayliklar yo‘lga qo‘yilgan. Guruhlar kuzatuv kameralari bilan ta’minlangan.

Yurtimizda yoshlarning kelajagiga qaratilayotgan e’tibor,  ta’lim tizimida istiqbolli dasturlar asosida olib borilayotgan amaliy ishlar Vatan, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu yerda istiqomat qiluvchilarning quvonchi cheksiz. Chunki qishloqda shahardagidan qolishmaydigan bog‘cha bor. Mashg‘ulotlar va tarbiyaviy ishlar zamon talablari asosida, innovatsion texnologiyalardan samarali foydalangan holda mazmunli va qiziqarli tarzda tashkil etiladi.

Albatta, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlod kamolotiga bog‘cha yoshidanoq e’tibor qaratish, ular ta’lim-tarbiya olayotgan maskanda yetarli shart-sharoitlarni yaratish davr talabi. Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotida 50 nafar ish o‘rin yaratib, shundan 22 nafar ishsiz ayollar doimiy ish bilan ta’minlandi.

Bolaning kun davomidagi hayoti u tarbiyalanayotgan bog‘cha dargohi, bu yerdagi muhit bilan chambarchas bog‘liqdir. Ayniqsa, qishloq joylarda yangi barpo etilayotgan bolalar bog‘chalari jahon andozalariga mos ravishda barpo etilishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yangi bog‘chalar dilbandlarimiz kamolotiga xizmat qiladi.

“MANZURABONU”NING BARNO AYOLI

Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 27 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at va ommaviy axborot vositalari sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Ana shunday sharafga loyiq ko‘rilganlar orasida “Sog‘lom turmush” medali bilan Payariq tumanidagi “Manzurabonu” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari Barno Tuganovaning ham borligi butun samarqandliklarni ham benihoyat shodlantirib yubordi.

Ha, bugun Barno opaning iste’dodi, yutuqlari, latofati dillarni quvontirayapti, ko‘ngillarda havas uyg‘otmoqda. Albatta, bunday mukofot o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Buning zamirida tinimsiz mehnat, mas’uliyat yotibdi.

Barno opa bolajonlar bilan ishlashdek mas’uliyatli vazifani bajarish uchun ko‘p o‘qigan, ko‘p narsani biladi. Ishining murakkabligidan, qiyinchiligidan cho‘chiydiganlardan emas. Bu borada el xizmatidan charchamaydi. 2019 yilda “Manzurabonu” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasini ishga tushirgan bo‘lsa, 2020 yilda “Guliston” mahallasidan “Davlatbek ko‘z munchoq” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini foydalanishga topshirdi. Bugun bu maskanlarda 250 nafar bolajonlar, 48 nafar tarbiyachilar ko‘magida miriqib ta’lim-tarbiya olishmoqda.

 Mabodo yo‘lingiz mazkur maktabgacha ta’lim muassasalari tomon tushib qolsa, albatta bu maskanlarga tashrif buyuring. Bu yerdagi obodonchilik ishlari, tarbiyachi-yu bolajonlarning muomila madaniyatiga siz ham qoyil qolasiz.

- Hozirgi kunda yurtimizning kelajagi, uni egalari bo‘lgan yoshlarimizning tarbiyasiga bog‘cha yoshidayoq e’tibor berishga Prezidentimiz tomonidan yuritilayotgan oqilona, odilona siyosati barchamizni quvontirib yubormoqda,- deydi Barno Tuganova.- Menga berilgan bunday yuksak mukofot yanada mas’uliyat bilan ishlashga undaydi. Hali kelajakda rejalashtirilgan ishlarim ko‘p. Nasib etsa, bu ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirib boraveramiz.

Bugun davr ayollarimizning oldiga ham qator dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Bu vazifalarni zamon talabiga mos ravishda amalga oshirish har bir munis ayollarimizdan shijoat, yangicha yondoshuvlar bilan ishlash talab etiladi. Barno opa kabi fidoyi va jonkuyar, davr bilan hamnafas ayollarimiz bor ekan boshlagan ishlarimiz salmog‘i yanada oshib boraveradi.

Umida Mamadaliyeva

 

 

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM