Uchta nafaqani tayinlashda yugur-yugurlarga barham beriladi

1-oktabrdan O‘zbekistonda ilk marta 3 toifa nafaqa oluvchilarga proaktiv tizim orqali nafaqa to‘lash boshlandi.

Kimlar hech qayerga murojaat qilmasdan nafaqalarini olishi mumkin?
- Prezidentning 74-sonli farmoniga asosan joriy yil 1-oktabridan boshlab respublikada ilk bor nafaqa tayinlashda proaktiv tizim joriy etilmoqda. Bu nafaqa tayinlash uchun fuqarolar hech qayerga murojaat qilishi shart bo‘lmagan tizimdir. Pensiya jamg‘armasi tomonidan tayinlanadigan 8 turdagi nafaqadan 3 turi proaktiv tizimga o‘tkazilyapti. Bular:
- 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarga nafaqalar;
- 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlovchi ota-onalar va vasiylarga tayinlanadigan parvarishlash nafaqasi;
- OITS bilan kasallangan 18 yoshgacha bolalarning ota-onalariga nafaqalar.
Bugungi kunda ushbu 3 turdagi nafaqalarga murojaatlar 70 mingdan ortiq va bu o‘z-o‘zidan 70 ming fuqaroning ortiqcha ovoragarchiliklari bartaraf etilishini anglatadi.
Bugungi kunda yuqoridagi toifa nafaqa oluvchilari birinchi bo‘lib tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining tuman va shahar bo‘limlariga murojaat qiladilar va ularga 18 yoshgacha nogironlik belgilanadi. Belgilangandan so‘ng, yaqin qarindoshlari – ota-onasi yoki vasiysi tomonidan davlat xizmatlari markazlari va yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya jamg‘armasiga elektron murojaat yuboriladi. Murojaatga asosan pensiya jamg‘armasining dasturiy ta’minoti avtomatik tarzda ushbu fuqaroga nafaqa tayinlar edi.
Ana endi 1-oktabrdan boshlab o‘rtadagi bir qadam bekor qilinib 18 yoshgacha bolalikdan nogironlik nafaqasi ma’lumotlar bazaga kiritilishi bilan tayinlanadi. Ya’ni tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining tuman va shahar bo‘limlari tomonidan dasturiy ta’minot orqali nafaqani oluvchi ( ota-ona yoki vasiy) hamda nogironligi bo‘lgan fuqaro haqidagi ma’lumotlar pensiya jamg‘armasiga avtomatik yuborilgach, pensiya jamg‘armasining axborot tizimi inson omilisiz 20-30 soniyada nafaqa tayinlaydi. Shundan keyin dastur fuqaroga nafaqa tayinlanganligi to‘g‘risida sms-xabar yuboradi. Ya’ni endi fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliksiz, qog‘oz shaklidagi hujjatlarni ko‘tarib, idorama-idora yurishlari bartaraf etildi.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining tuman va shahar bo‘limlari o‘zining dasturiy ta’minotlari orqali nogiron bolaning ma’lumotlari va nafaqani oluvchi – ota-onasi, vasiysi yoki yaqin qarindoshlarining ma’lumotlarini qo‘shib pensiya jamg‘armasi axborot tizimiga jo‘natadi. Pensiya dasturiy ta’minoti avtomatik tarzda shu fuqaroga nafaqa tayinlaydi.

A.Tursunov,

Pensiya jamg‘armasi Payariq tuman bo‘lim boshlig‘i.

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM