O‘QITUVCHI O‘QUVCHINI QACHON QIZGʻONIB ISHLAYDI?

O‘quvchilar dars vaqtida maktabda emas, o‘z o‘rinlarini o‘quv markazlarida deb bilishayapti. Nega?

Davomat masalasi chatoq. Ayrim direktorlarimiz yashirishga urinishayapti. Bu yashirganimiz jinoyat ekanligini nahotki tushunmaysiz. O‘qituvchi qachon o‘quvchisiga o‘rnak bo‘ladi? Ayting, qachon? «Besh tashabbus olimpiadasi» da payariqlik o‘quvchilar nega orqada? Nega o‘quvchi rus tilida assalomu alaykum so‘zini yoza bilmayapti? O‘quvchilarga badiiy kitob o‘qi, o‘qi deyishdan oldin nega o‘zimiz birinchi bo‘lib o‘rnak bo‘lmayapmiz?
Chelak madaniyat uyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Payariq tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Maqsud JABBOROV mazkur savollarni o‘rtaga tashladi.

- Yurtimizda xalq ta’limi tizimi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan,- dedi M. Jabborov.- Ishlayman, o‘qiyman degan kishiga barcha sharoitlar yaratilgan. Lekin mana shu sharoitlarni oyoq osti qilayotgan «vallomat» xodimlarimiz ham yo‘q emas. Misol kerakmi, marhamat. 33ta maktabni aylanib chiqqanimizda rus tili darsida o‘tirgan o‘quvchilar assalomu alaykum so‘zini yoza olmayapti. Bu nima degan gap axir? O‘zi qayoqqa qarab borayapmiz? Bunday ta’lim berayotgan o‘qituvchiga «orden» berish kerak emasmi? Qani vijdon, qani mas’uliyat? Bu ham mayli, ayrim o‘qituvchilar jurnalga fanining nomini to‘g‘ri yozolmayotganligiga nima deysiz?
O‘quvchilar repetitorga ketib qolayapti deb noliymiz. E, barakatopkur oldin ko‘ngildagidek o‘qitib qo‘ying, qani bironta o‘quvchi o‘quv markaziga ketarmikin? Nega o‘quvchingizni qizg‘onib ishlamaysiz? Nega uning taqdiri bilan shug‘ullanmaysiz? Qachongacha bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar qabilida ish tutasiz? Men bu gaplarni bekorga aytmayapman. Ko‘rayapmiz, bilayapmiz, aytayapmiz. Bir xil maktablar bor davomati qirq foizdan oshmayapti? Nega bunday degan savolingizga yelka qisishdan nariga o‘tmaydi.
«Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida olib borilayotgan ishlar haqida ham ijobiy fikr bildirib bo‘lmaydi. Vaholanki, Payariq tumani o‘quvchilar soni bo‘yicha viloyatda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Ammo natijalarimiz so‘nggi o‘rinlarni ko‘rsatib turibdi. Bu degani ishlamayapmiz deganimi? Qachongacha og‘zakidan besh olamiz. Ha, desa keyingi yil qoyillatamiz deyishdan erinmayapmiz. Mas’uliyatni oshirish kerak. Payariq salohiyatli tuman. Shu nomga munosib o‘rnimiz  bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. 
Yoshlar kitob o‘qimayapti, o‘qimayapti deb yozg‘iramiz. Oldin o‘zingiz o‘qib qo‘ying, keyin gapirasiz. Aniq aytamanki, ko‘pchilik o‘qituvchilar oxirgi marta badiiy kitob o‘qiganligini eslayolmaydi. Xo‘p, aqali maktabga bironta badiiy kitob olib kelganmisiz? Bitta maktabda 50 nafar pedagog bor deylik. Ana shu pedagoglar ikkitadan kitob olib kelsa, 100 dona bo‘ladimi? Maktabning kitob fondi o‘z o‘zidan oshib boravermaydimi?
Yana og‘riqli nuqtalarimizdan bo‘lgan sanitariya holati. Ko‘pchiligimiz qilinishi lozim bo‘lgan yumushlarni paysalga solishga o‘rganib qolganmiz. Hojatxona oldiga oddiy qo‘l yuvadigan sharoitni qilib qo‘ymaganmiz. Kasallik qaydan kelib chiqadi? Ana shu oddiy deb biz tan olmagan jihatlardan kelib chiqayapti? Shunday emasmi?
Aytayotganlarimiz ayrimlar uchun og‘ir botayotgandir. Lekin ayni haqiqat ekanligini ham tan olishimiz kerak. Davlat bizga farzandlarni o‘qitishdek mas’uliyatni topshirib qo‘ydimi, shunga yarasha vijdonan yondashib ishlash kerak.

Husniddin XOLDOROV,
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi.

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM