OBODONLASHTIRISH BIROV UCHUN QILINMAYDI

Tunov kuni qabristonni tozalash, obodonlashtirish ishlarini olib borish uchun hashar tashkil etilayotganligini eshitib qoldim. Hasharga birov bordi, birov bormadi. Borish bormaslik har kimning vijdoniga havola.

Lekin meni o‘ylantiradigani boshqa narsa. Keyingi paytlarda televizor,  gazeta, ijtimoiy tarmoqlarda  falon qabristonga o‘t ketibdi, mana bunisi chorva mollari uchun yaylovga aylangan, bunisida obodonlashtirish ishlari o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotibdi degan manzarlarga  duch keladigan bo‘ldik. Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Bunday jirkanch ishlarni kimlar amalga oshirayapti? Birov chetdan borib, boshqa qishloqning qabristoniga mol boqmasa kerak? Yoki o‘t qo‘yib keladimi? Qani bu maskanning oqsoqollari? Nega ular jim? Bunday nopok kimsalarni xalqning oldiga chaqirib sharmandasini chiqarsa bo‘lmaydimi? Bu bilan aql o‘rgatmoqchi emasman. Meni ayblashdan oldin shuni bilishingizni istardim. Amerikaga qochib ketasizmi, shifokor nazoratida bo‘lasizmi bir kun kelib siz ham o‘lasiz. Qo‘pollashgan bo‘lsam uzr so‘rayman. Bir xil voqealarni eshitib, ko‘rib odam shunday fikrlashga majbur bo‘larkan.
Ochig‘i, ko‘pincha xalqimiz hayit bayramlarida qadamjolar va qabristonlarni ziyorat qilishni odat tusiga aylantirishgan. Aslida ziyorat qilish faqat bayramlarda-mi?  Obodonlashtirish ishlari-chi? Dono xalqimizda qaysi yurtning obodligi, xalqi ma’naviyatli va ma’rifatli ekanligini bilmoqchi bo‘lsang, ularning bozori bilan mozoriga nazar sol degan hikmatomuz naql bor. Insonlar hayoti bevosita ziyoratgohlar bilan bog‘liq. Bizlar o‘tganlarni ziyorat qilish, qadamjolar va qabristonlarga tez-tez borib turish hayotimizning ajralmas qismi ekanini e’tirof etamiz. Ziyorat so‘zi lug‘atda tashrif buyurish, ko‘rgani borish degan ma’noni beradi. Qabrlarni ziyorat qilish sunnat amallardan hisoblanadi. Aziz avliyolarning maqbaralarini, shuningdek yaqinlaringizning qabrlarini ziyorat qilib turish islom dinida savobli ishlardan sanaladi. Dushanba, payshanba, juma kunlari qabrlarni ziyorat qilish uchun eng afzal vaqt sanalarkan. Ziyoratning ham bir qancha e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlari va odoblari bor. Muborak hadisda qabrlarni ziyorat qilinglar chunki u oxiratni eslatadi deyilgan.
Gapning dangalini aytganda, aksariyat kishilar qabristonni obodonlashtirish ishlariga xuddi uni birov mujburlab olib borganday o‘zini his qiladi. Ko‘pchilik hayit bayramlarida qabristonga ziyoratga boradi. Muhtaram azizlar, o‘tganlarni faqat muayyan vaqtda emas, balki har lahzada eslab turishimiz lozim.
Muborak hadisda o‘tganlarni yaxshi sifatlarini eslanglar, yomon sifatlaridan tillaringni tiyinglar deb aytilgan.
Yana bir donishmandlarimizdan biri shunday deydi:
Kimningdir qabrini o‘t bosgan tikon,
Uning farzandlari mutloq unutgan.
Kimningdir qabrida ochilgan chaman,
Uning farzandlari gul urug‘in sochgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, marhumlarning qabrlarini ziyorat qilish, obodonlashtirish burchimiz ekanligini unutmaylik.
Husniddin XOLDOROV.

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM