PAYARIQ TUMAN HOKIMI ZAFAR ERASHEVNING NAVRO‘Z – UMUMXALQ BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TABRIGI

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Hurmatli payariqliklar hamda tumanimiz mehmonlari!

Avvalo, Siz azizlarni, sizlar orqali barcha yurtdoshlarimizni yosharish va yangilanish, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan milliy bayramlarimizdan biri – Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman!

Qadrli yurtdoshlar!

Sir emaski, barchamiz ham bahor faslini, qolaversa, yangilanish fasli – Navro‘z bayramini hamisha entikib kutamiz. Ayniqsa, ortda qolgan qish faslining sovug‘i odatdagidan ko‘ra qattiqroq kelganligi ham ko‘ngillarda bahor faslining iliqligi, go‘zalligiga nisbatan sog‘inch hissini yanada oshirganligi ham bor gap.

Joriy yilgi Navro‘z umumxalq bayramini tumanimizda ham “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida nishonlamoqdamiz.

Xalqimizda «Tinch yurtga bayramlar, to‘ylar yarashadi» degan teran mazmun-mohiyatga ega hikmatli ibora bor. Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsinki, muhtaram Yurtboshimizning dono siyosati tufayli xalqimiz tinch, osoyishta, farovon hayot kechirmoqda. Orzu niyatlariga yetishish uchun yurt istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Farzand va nevaralarini tarbiyalab kamolini ko‘rmoqda. Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak!

O‘ylaymanki, ushbu tinchlik, do‘stlik va birodarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda Navro‘z bayrami muhim ahamiyat kasb etadi.

Navro‘z — yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi.

Bobodehqonlarimiz yangi yilning yog‘in-sochinga mo‘l, serhosil, qut-barakali kelishini, to‘kin-sochin bo‘lishini so‘rab duoga qo‘l ochishgan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning xilma-xilligini ko‘paytirish orqali xalqimiz dasturxonini to‘ldirish asosiy vazifamiz hisoblanadi.

Aziz payariqliklar!

Haqiqatan ham, Navro‘z o‘zining buyuk qudrati bilan tabiatni uyg‘otmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlar ayni shu ulug‘ maqsadga — har kunimiz Navro‘z bo‘lishiga, ya’ni, el-yurtimiz hayotining obod va farovon bo‘lishiga qaratilgan.

Hammamiz uchun suyukli va ardoqli Navro‘z bayrami bilan barchangizni yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman!

Sharqona Yangi yilimiz — Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin! Mana shu qutlug‘ kunda siz azizlarga sihat-salomatlik, baxt, omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik, fayz va baraka tilayman.

Yana bir bor Navro‘zi ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM