Bog'cha yoshidagi bolalarning bog'chaga qamrovini oshirish borasida amalga oshirilgan va navbatdagi ishlar

Payariq tumani maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi mudiri Mamud Xo'jayorov ishtirokida "Bog'cha yoshidagi bolalarning bog'chaga qamrovini oshirish borasida amalga oshirilgan va navbatdagi ishlar" mavzusida onlayn anjuman o'tkazildi. Anjumanni tuman hokimligining facebookdagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin: https://fb.watch/jZTr0BGo5t/ 

- Bugungi kunda tumanda 276 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida jami 26 622 nafar bog‘cha yoshidagi bolalarning 17 432 nafari (65,5%) qamrab olingan. - deydi mudir anjuman avvalida.

Ulardan:

- 50 ta Davlat bog‘chalariga 10 014 nafar;

- 13 ta DXSh asosidagi bog‘chalarga 1 208 nafar;

- 1 ta Nodavlat (xususiy) bog‘chalarga 55 nafar;

- 212 ta Oilaviy bog‘chalarga 6 155 nafar, 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan.

2023 yil  1-chorak davomida.

Joriy yilning 1-chorakgida 2 ta (85 o‘rinli) shundan 1 ta 25 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 1 ta 60 o‘rinli davlat maktabgacha  ta’lim tashkilotlari yangidan ish faoliyatini boshladi.

Tumanda 2023-yil yakuniga qadar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 18 191 nafar yoki (68,3%) 3-7 yoshli bolalar qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Shundan;

2023  yil yakuniga qadar yangi 10 ta 300 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi.

3-chorakda 21 ta majburiy bepul tayyorlov guruhlariga 440 nafar 6 yoshli bolalarni qamrab olish rejalashtirilgan.

Yil yakuniga qadar homiylik mablag‘lari hisobiga yangi 120 o‘rinli “Sho‘rtepa” MFYda yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Mavjud 10 ta bo‘sh guruh xonalarini ta’mirlash evaziga  250 dan ortiq 3-6 yoshli maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Bolalarning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini yanada kengaytirish maqsadida bog‘cha yoshidagi bolalar qamrovi darajasi past bo‘lgan olis va aholisi tarqoq joylashgan hududlarda Oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun targ‘ibot tashviqot ishlari olib borilmoqda.

2022-yilda Davlat-xususiy sheriklik asosida Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan quvvati 195 o‘rinli umumiy loyiha qiymati 2 mlrd. 810 mln. so‘mlik  (o‘z mablag‘i hisobidan) jami 2 ta bitim imzolandi.

Shuningdek, DXSh asosidagi MTT 1 tasida qo‘shimcha kelishuvga asosan  50  o‘rinli yangi quvvat yaratildi. 2022 yilda tumanda 16 ta oilaviy NMTT tashkil etilib, ularda 575 dan ortiq quvvat yaratildi hamda jami oilaviy nodavlat MTT soni 212 taga yetkazildi.

Moddiy-texnik holati:

Tuman bo‘yicha 50 ta davlat MTT faoliyat ko‘rsatmoqda shundan, 38 ta MTTlar loyiha asosida (tipavoy) qurilgan binolarda hamda 12 ta MTTlar moslashtirilgan binolarda joylashgan. Hozirda 17 ta MTTlar ta’mirtalab holatda bo‘lib, shundan, 12 tasi rekonstruksiya qilishga va 5 tasi mukammal ta’mirlashga muhtoj.

2023 yil “Investitsiya” dasturi: 2 ta (210 o‘rinli) MTTlarini rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Joriy ta’mir: Tumandagi 5 ta (9.60 mln.so‘mlik) davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Tashqi isitish tizimi ta’mirlanish kerak bo‘lgan 4 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida isitish qozonlari yangilandi.

Pedagog kadrlar:

Bugungi kunda tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 810 nafar pedagog kadrlar faoliyat yuritmoqda. Ularning 320 nafari (39,5%) oliy, 490 nafari (60,5%) o‘rta maxsus ma’lumotga ega.

2023-yilda tumanda jami 122 nafar pedagog xodimlar malaka oshirish kurslariga jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, barchasi rahbar va pedagog xodimlarini tashkil etadi.

2023-yil oxirigacha oliy ma’lumotli pedagog kadrlar ulushi 44,2 foiz (348 nafar)ga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ta’lim-tarbiya sifatini ta’minlash:

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifatini ta’minlash borasida DAVLAT TALABLARI hamda xalqaro standartlar asosida 6-7 yoshli bolalarni boshlang‘ich ta’limga tayyorlash uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan “ILM YO‘LI” bolalarni rivojlantirish, o‘qitish va maktabga tayyorlash bo‘yicha variativ dastur asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘quv-tarbiyaviy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

“ILK QADAM” maktabgacha ta’lim tashkilotining Davlat o‘quv dasturini to‘laqonli amaliyotga joriy etish maqsadida davlat budjetidan ajratilgan variativ dasturlar, 22 turdagi didaktik materiallar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, o‘yinchoqlar va har xil turdagi sport inventarlaridan ta’lim-tarbiya jarayonida to‘liq foydalanish orqali ta’lim-tarbiya sifatini ta’minlashga zamin yaratilmoqda.

Bosqichma-bosqich guruh xonalarida bolalarni rivojlantirish uchun “Qurish-yasash, konstruksiyalash va matematika”, “Syujetli rolli o‘yinlar va sahnalashtirish”, “San’at”, “Til va nutq”, “Ilm fan va tabiat” markazlari didaktik va tarqatma materiallar bilan jihozlanmoqda.

Ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Hozirgi kunda, bog‘chalarda amalda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida tumanda “Mahorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bog‘chalar o‘quv-metodik faoliyatini muvofiqlashtirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga joriy etish, metodik tavsiyalar ishlab chiqish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda tatbiq etish orqali bog‘chalarda ta’lim-tarbiya sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha natijaviy ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur maktab orqali nafaqat davlat bog‘chalari, balki nodavlat bog‘chalarida ham ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga turtki bo‘lmoqda.

2023-yil davomida “Mahorat maktabi” ish rejasi asosida, 4 ta nominatsiya bo‘yicha “Eng yaxshi didaktik materiallar”, “Eng yaxshi milliy o‘yinchoqlar”, “Eng yaxshi ertak qahramonlari” “Eng yaxshi tarixiy obida” asosida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari sohada ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish va tajriba almashish maqsadida, MTT direktorlari tomonidan viloyatning boshqa hududlarida joylashgan bog‘chaga borib belgilangan jadval bo‘yicha oy, hafta mavzulari asosida ochiq mashg‘ulotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev rahbarligida 2021-yil 19-yanvar kuni “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida ma’naviy-marifiy ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yangi tizimini yaratish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” doirasida tumandagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarining “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimi” amaliyotda tubdan takomillashtirilmoqda.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda ta’lim-tarbiyada milliylikni singdirish maqsadida «Zumradoylar davrasida» nomli ko‘rik-tanlovlar tashkil etilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirining 2022-yil 19-maydagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Iste’dodli bolajon” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 93-sonli buyrug‘i ijrosi hamda Viloyat boshqarmasining 2022-yil 16-iyundagi 69-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tuman va shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlari tasarrufidagi MTT “Istedodli bolajon” ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida:
2023-yilning 1-chorak davomida bo‘limga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, "Ishonch telefon’lari orqali hamda yozma ravishda jami 26 ta murojaat kelib tushgan.

Shundan, 21 tasi virtual qabulxona orqali, 5 tasi yozma murojaatlar, 10 ta og‘zaki murojaatlar,  1 tasi tuman hokimligi, Sayyor qabul va “Ochiq muloqot” orqali kelib tushgan murojaatlarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali bo‘lim va uni quyi tizimlariga kelib tushgan jami 26 ta murojaatning 19 tasi qanoatlantirilgan,  7 tasi bo‘yicha mualliflarga tushuntirish berilgan.

Fuqarolarning murojaatlari atroflicha tahlil qilinib, amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

AKT bo‘yicha.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda 2018-yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining rasmiy Veb-sayti yaratildi. Ushbu veb-sayt va (Fecebook) sahifasiga tumanda  o‘tkazilayotgan tadbirlar, o‘quv-seminarlar tizimga tegishli amalga oshirilayotgan  yangiliklar muntazam  ravishda joylashtirib  borilmoqda.

 2022-yil boshidan BBIT.UZ bolalar bog‘chasi axborot tizimi  ishga tushirildi.

Ushbu tizim tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va pedagog xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar muntazam ravishda joylashtirilib kelinmokda. BBIT.UZ tizimi samaradorligini  oshirish maqsadida mas’ullar va DMTT direktorlariga  o‘quv-seminarlar va metodik yordamlar ko‘rsatilib kelinmoqda.

Tumandagi “Uztelekom AK” filiali  bilan hamkorlikda tumandagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga optik tolali  internet tarmoqlari o‘tkazildi.

 

 

.

 

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM