Mahalliy sanoat – xalq farovonligining tayanchi
Bugun jahondagi beqaror iqtisodiy sharoitlar, geosiyosiy tahdidlar va bozordagi tebranishlar sharoitida har bir mamlakat, eng avvalo, o‘z sanoatini mustahkamlashga, ayniqsa, ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalliy sanoatni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, yangi brendlar yaratish, aholi bandligini ta’minlash kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Hozirda sanoat tarmoqlarining zamonaviy, samarali faoliyat yuritishi – bu nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki har bir yurtdoshimizning oilaviy farovonligi, yashash sharoitining yaxshilanishi, yoshlarimizning o‘z yurtida munosib daromad topishiga xizmat qiladi.
Videoselektor yig‘ilishida sanoat, eksport va daromad bo‘yicha “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikal tizimi samaradorligini ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi. Bu tizimning har bir bo‘g‘ini aniq mas’uliyatni his qilsa, bugungi o‘sish sur’atlari kamida 2 foizga oshishi mumkin edi. Prezidentimiz aynan mana shu tizimning har bir bo‘g‘inida muammolarni tezkor hal qiladigan aniq mas’ullarni tayinlash va javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Payariq tumani miqyosida ham har bir sanoat korxonasi faoliyatini chuqur tahlil qilib, eksport salohiyatini kengaytirish, xalqaro sertifikatlar olish, ishchi o‘rinlari yaratish bo‘yicha aniq “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi lozim. Bu borada Xalq deputatlari tuman Kengashidagi har bir vakil tashabbuskor bo‘lishi, aholining fikri, ehtiyojlari asosida harakat qilishi shart.
Shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebelsozlik va zargarlik sohalarida xalqaro tajriba asosida klaster tizimiga o‘tish, mahalliy mahsulotlarni jahon bozorlariga olib chiqish, milliy brendlarni yaratish bo‘yicha davlat tomonidan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash choralarining ko‘rilayotgani –tadbirkorlar uchun katta imkoniyat eshigini ochmoqda.
Albatta kelgusida tumanimiz tadbirkorlari berilayotgan imtiyoz va imkoniyatdan foydalangan holda yangi sanoat yo‘nalishlarni ochishiga hamda mavjudlarini yanada rivojlantirishiga aminmiz.
Alisher Maxammatov
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.