Maqsadimiz xalq dardini eshitish emas – uni yechimini qilishdir
Bu gap bugun Payariq tumani hokimi I.Jabborovning aholi bilan o‘tkazgan sayyor qabulida aytildi.
Hokim yana shuni alohida ta’kidladiki, rahbarlar qabuliga doimiy murojaat qilishni kasb qilmang. O‘zingizning masalangiz hal etilgach boshqalarni yetaklab kelishni bas qiling, buni oqibati yaxshi emas dedi.
Qabul davomida tumanning 30 nafarga yaqin fuqarosi ijtimoiy sohalarda, kadastr xizmati, kommunal, sog‘liqni saqlash, huquqiy masalalarda murojaat qildi.
Jumladan, Qumchuq mahallasida yashovchi aholi nomidan Azamat Normurodov “Bulung‘ur” ariq yoqasidagi yaylovdan foydalanish masalasida keldi. Hokim bu masalani joyiga borib ko‘rishi va shundan so‘ng xulosa bildirishini aytdi.
Bunyodkor mahallasida yashovchi Nilufar Nizomova hokim qabuliga bir yil oldin salomatligini tiklash uchun yordam so‘rab kelgani, hozirda sog‘lig‘i tiklangani natijasida, tikuvchilikni kengaytirishi va shu sohada tuman qizlarini tikuvchilikka o‘rgatish maqsadida o‘quv markazi ochishda joy masalasida yordam so‘rab keldi. Bu masalani ham tegishli tartibda ko‘rib chiqib yordam berishini bildirdi. Shu yerning o‘zida bir nechta foydalanish uchun joy taklif etildi.
Do‘stlarobod mahallasidan kelgan Gulrux Isoqulova mazkur mahalla binosida kutubxona tashkil etib, aholiga kitobxonlikni targ‘ib etishni maqsad qilganini bildirdi. Hokim unga 400 dan ziyod eng sara kitoblardan ajratadigan bo‘ldi.