insurez
09-05-2024 14:11

AHOLIGA SUYULTIRILGAN GAZ YETKAZIB BERISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA


AHOLIGA SUYULTIRILGAN GAZ YETKAZIB BERISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA

Keyingi yillarda boshqa sohalar qatori gaz ta’minoti tizimida ham iste’molchiga  suyultirilgan gaz yetkazib berishda avtomatlashtirilgan tizimlar joriy etilmoqda. Mazkur tizim esa shaffof to‘lov tizimi va hisobini yuritishni muvofiqlashtirish orqali qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Eng muhimi, olib borilayotgan bunday tizimli ishlar samarasida tumandagi "zangori olov" yetib borishi qiyin bo‘lgan olis hududlardagi aholi xonadonlarida suyultirilgan gaz ta’minoti yanada yaxshilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-avgust kunidagi 646-son “Aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Gaz ta’minoti tashkiloti iste’molchining arizasi asosida uning balansida bo‘lgan maishiy gaz ballonini to‘lov undirmasdan vaqtincha foydalanishga berish majburiyatini oladi, iste’molchi esa undan xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda foydalanish majburiyatini oladi. Iste’molchilarga maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanish uchun yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Aholi uchun:

Iste’molchi gaz ta’minoti tashkilotiga maishiy gaz balloni berish haqidagi arizani yozma yoki elektron shaklda iste’molchi pasportining nusxasi va o‘zini o‘zi boshqarish organidan berilgan yashovchilar sonini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma ilova qilingan holda taqdim etadi. Berilgan ariza uch ish kuni mobaynida gaz ta’minoti tashkilotining mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib suyultirilgan gaz bilan ta’minlanganlik va ovqat tayyorlash uchun gazdan foydalanuvchi uskunaning mavjudligi jihatidan o‘rganiladi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha dalolatnoma tuziladi va gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan bitta iste’molchiga bir dona gaz balloni yetkazib beriladi. Bunda iste’molchilarga maishiy gaz ballonlari yetkazib berilishi tasdiqlangan maishiy gaz ballonlari yetkazib berish jadvallariga muvofiq amalga oshiriladi. Yetkazib beriladigan maishiy gaz ballonlari texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. Maishiy gaz balloni tegishlicha markalangan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilgan navbatdagi texnik ko‘rikdan o‘tganligi haqida o‘yib tushirilgan tamg‘aga ega bo‘lishi kerak. Yetkazib berilayotgan gaz balloni gaz ta’minoti tashkilotining maxsus jurnalida qayd etiladi. Maishiy gaz ballonlarini gaz ta’minoti tashkilotlarining almashtiriladigan idishda gaz yetkazib beradigan xodimlariga berishga ruxsat etiladi. Bunda beriladigan gaz ballonlarining soni unga biriktirilgan avtotransport vositasining sig‘imidan oshmasligi lozim.

Gaz ta’minoti tashkiloti va aholi o‘rtasida suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma ikki nusxada tuziladi. Suyultirilgan uglevodorod gazi va maishiy gaz ballonlarini gaz ta’minoti tashkiloti va iste’molchi o‘rtasida shartnoma tuzmasdan yetkazib berish va qabul qilish taqiqlanadi.  Ballonlarni avtomashinalardan qalpoqchalarini pastga qilib tushirish va tashish hamda kuzovdan tashlash qat’iyan taqiqlanadi. Gaz ta’minoti tashkiloti iste’molchiga suyultirilgan uglevodorod gazini aholiga va ijtimoiy soha obyektlari bo‘yicha tasdiqlangan suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish jadvallariga muvofiq yetkazib berishi kerak. Suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga yetkazib berish maxsus avtotransport vositalari va rezervuar sig‘imlari vositasida gaz ballonlarida yoki guruhli gaz balloni qurilmalarida gaz ta’minoti tashkiloti bilan tuzilgan shartnomalar asosida tegishli hujjatlar (gazlashtirish loyihasi yoki eskizi) mavjud bo‘lganda tasdiqlangan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi. Iste’molchilarga suyultirilgan uglevodorod gazi gaz ballonlarida bo‘sh ballonlarni to‘ldirilgan ballonlarga almashtirgan xolda oluvchigacha yetkazib beriladi. Iste’molchi yetkazib beriladigan suyultirilgan uglevodorod gazi uchun to‘lovni tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirishiradi. Gaz ta’minoti tashkilotiga iste’molchilardan yetkazib berilgan suyultirilgan uglevodorod gazi uchun to‘lovni naqd pul shaklida qabul qilish taqiqlanadi.

Bugungi kunda Payariq tumanining 65 ta mahalla aholisi suyultirilgan gazdan foydalanadi. 32690 ta xonadon 52486 ta maishiy gaz ballonlari bilan to’liq ta’minlangan bo'lib, iste'molchilarga suyultirilgan gaz ballonlari belgilangan muddatlarda maxsus avtotransportlar orqali yetkazib berilmoqda. 2024-yil may oyi boshidan beri tuman ahliga 343920 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Iste’molchilarga suyultirilgan gazni yetkazib berish uchun mo‘ljallangan 8 ta avtotransport vositalari nazorat tarozilari bilan to‘liq ta’minlangan.  Shu o‘rinda, iste’molchilar tomonidan suyultirilgan gaz ballonlarni qabul qilganda, iste’molchilar ham o‘z huquqlarini anglagan holda suyultirilgan gazni belgilangan sifatda va hajmda yetkazib berilishini talab qilishlari, gaz miqdorini nazorat tarozilarda o‘lchab ko‘rishlari, belgilangan miqdorda bo‘lmagan suyultirilgan gazni rad etishga haqlari borligini ta’kidlash kerak.

 

 


“Payariqtumangaz” GTB boshlig‘i                              I.Qodirov

Teglar
- -