insurez
26-03-2025 13:34

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilish tartibi va sohada interaktiv xizmatlardan foydalanish.


Sudga arizalar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksning 188-191-moddalarida ko‘rsatilgan tartibda topshirilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, kodeksning 188-modda - Sudda ishlar yozma shaklda, shu jumladan pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida ariza berish yo‘li bilan qo‘zg‘atiladi.

189-modda. Arizaning mazmuni

Arizada quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

1) ariza berilayotgan sudning nomi;

2) da’vogarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, agar da’vogar tashkilot bo‘lsa, uning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) hamda rekvizitlari, shuningdek, agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va manzili;

3) javobgarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, agar javobgar tashkilot bo‘lsa, uning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) hamda rekvizitlari;

4) da’vogarning talabi;

5) agar da’vo baholanishi kerak bo‘lsa, da’voning bahosi;

6) da’vogar o‘z talabiga asos qilib ko‘rsatayotgan holatlar va da’vogar tomonidan bayon qilingan holatlarni tasdiqlovchi dalillar;

7) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, basharti bu qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;

8) arizaga ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.

Ariza da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, arizaga ishonchnoma yoki vakilning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak.

Boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida prokuror, davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar yoki ayrim fuqarolar tomonidan beriladigan arizada ushbu moddada sanab o‘tilgan ma’lumotlardan tashqari ariza kimning manfaatini ko‘zlab berilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi) hamda manzili ko‘rsatilishi kerak.

Arizada da’vogarni yoki uning vakilining, shuningdek boshqa tarafning telefonlari va fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin.

Arizada elektron manzili ko‘rsatilganligi arizachining sud chaqiruv qog‘ozlarini va boshqa xabarnomalarni, sud hal qiluv qarorlarining hamda ajrimlarining ko‘chirma nusxalarini elektron hujjat tarzida olishga bo‘lgan roziligidir.

190-modda. Arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari

Ariza javobgarlarning soniga mutanosib miqdordagi ko‘chirma nusxalari bilan birga sudga beriladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan ariza mustasno.

Sudya ishning murakkabligi va xususiyatiga qarab, arizaga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini javobgarlarning soniga mutanosib miqdorda taqdim etish majburiyatini da’vogarning zimmasiga yuklashi mumkin.

191-modda. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar

Arizaga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:

1) arz qilinayotgan talablarga asos bo‘lgan holatlarni;

2) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilganligini, basharti bu qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;

3) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda to‘langanligini;

4) arizani imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjatni, agar ariza vakil tomonidan imzolangan bo‘lsa.

Bundan tashqari, sudlarga yuborilgan elektron murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish, sud majlislarida kuzatib borish va sud qarorlarini onlayn olishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksning yuqorida ko‘rsatilgan talablariga rioya qilgan holda, da’vo ariza bilan sudga, da’vo talablarini isbotlovchi hujjatlarni to‘liq ilova qilgan holda yozma shaklda, shu jumladan pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida murojaat qilishi mumkin.

 

 

 

 

Teglar
- -