Iqlim o‘zgarishlari, ekologik bo‘hronlar va ona tabiatni asrash zarurati
Iqlim o‘zgarishlari, ekologik bo‘hronlar va ona tabiatni asrash zarurati
Iqlim o‘zgarishining asosiy omili issiqxona effekti ekanligini barchamizga ma’lum. Quyoshdan kelgan issiqlikning Yer sathida jamlanib, dimlanib qolishi issiqxona effekti deyiladi. Ya’ni quyoshdan kelgan nurni Yer ham o‘z navbatida atmosfera orqali koinotga qaytaradi. Ushbu nurlarning bir qismi koinotga chiqib ketish o‘rniga odamlardan chiqarilgan turli gazlarga yutiladi. Uning koinotga qaytib chiqib ketmasligi oqibatida Yer yuzi me’yoridan ortiq qiziydi va iqlimga ta’sir ko‘rsatadigan issiqxona qatlami hosil bo‘ladi. Buning natijasida sutka mobaynida eng yuqori va eng past harorat orasida kam farq bo‘ladi. Ya’ni odamlar va tabiat tunda ham kunduzgi kabi issiq va dim havo ta’sirida qoladi. Bunday sutkalik issiqlik esa keskin isish hodisasini keltirib chiqaradi.
Shuningdek, hozirgi kunda asosiy muammolar sifatida antropogen omillar ta’siri va qurg‘oqchilik natijasida uglerod gazini yutuvchi o‘rmon maydonlari keskin qisqarib ketishi, ozon qatlamining yemirilishi, yovvoyi tabiat maydonlarining qisqarib borayotganini ham keltirib o‘tish mumkin.
Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda ham qator salbiy oqibatlarga olib kelyapti:
- Harorat ko‘tarilishi natijasida suvning bug‘lanish koeffitsiyenti oshishi hududlarda suv resurslari kamayishiga, tanqisligiga ta’sir etmoqda;
- Ekologik tanglik oqibatida yil davomida umuman yog‘ingarchilik bo‘lmagan kunlar soni ko‘paymoqda;
- Tuproqning namligi kamayishi hisobiga takroriy qurg‘oqchilik xavfi ortmoqda va hosildorlik ko‘rsatkichlari tushib ketmoqda;
- Orol dengiziga quyiladigan suv hajmining kamayishi daryo deltasining cho‘lga aylanishi va qurigan dengiz tubida yangi cho‘l maydonlari paydo bo‘lishini tezlashtiryapti;
- Atmosfera havosida katta maydonlarda changlanish ortmoqda;
- Isish va sovish kabi anomal hodisalarning o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va mevalarning nobud bo‘lishiga olib kelmoqda.
Mutaxassislar iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun bir qancha tavsiyalar berishgan:
- qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish;
- energiya samaradorligini oshirish va sohalarni energiya tejovchi texnologiyalar bilan modernizatsiya qilish;
- tabiatda yashillikni ko‘paytirish, o‘rmon yong‘inlarining oldini olish, daraxtzorlarni ko‘paytirish;
- ekologik toza qishloq xo‘jaligiga o‘tish;
- tuproq tarkibidagi organik moddalarni saqlab qolish (chunki ularning yo‘qolishi to‘g‘ridan to‘g‘ri issiqxona effektiga ta’sir qiladi);
- ekologik tejamkor transport turlariga o‘tish.
Xulosa
Iqlim ko‘rsatkichlarining yil sayin tobora yomonlashib borayotganini insoniyat Yerdan shafqatsizlarcha foydalanishni davom ettirayotgani bilan bog‘lash mumkin. Ko‘pchilik davlatlar tomonidan bu jarayon xavfsizlikka qarshi eng katta tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan ayanchli hodisalar ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini ishlab chiqishga yetarli darajada kuchli turtki berishi kerak. Yo‘qsa keyinchalik juda kech bo‘lishi mumkin.