insurez
23-05-2025 18:21

Kelgusidagi barqaror munosabatlar poydevori


Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya poytaxti Budapeshtga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida davlatlarimiz o‘rtasida ko‘plab kelishuvlar amalga oshirildi. 

Xususan, Vengriya biz uchun ko‘p tomonlama muhim bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi. Mazkur tashrif chog‘ida amalga oshirilgan  kelishuvlarning muhim ahamiyatini e’tirof etgan holda iqtisodiy, ta’lim, turizm va innovatsion sohalardagi hamkorlik imkoniyatlari izchil kengayayotgani, yetakchilar huzurida qabul qilingan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, jumladan, ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma, iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tabiiy ofatlarni boshqarish, ilm-fan va innovatsiyalar, tinch atom sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi idoralararo kelishuvlar almashilgani kelgusidagi barqaror munosabatlardan darak beradi. 

Iqlim o‘zgarishi masalasidagi mulohazalar va bu boradagi kelishuvlar  albatta biz uchun ham, butun dunyo miqyosidagi muhim masala ekani alohida e’tiborga molik.  Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishi kun tartibiga to‘xtalar ekan, yaqinda Samarqand shahrida o‘tgan Xalqaro iqlim forumi davomida "yashil" taraqqiyot sohasida global va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Budapesht shahrida Qurg‘oqchilikning oldini olish institutini ishga tushirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Uning faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb qilish uchun qurg‘oqchilik hamda ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklif qilindi.

Albatta, keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi muammosi nafaqat siyosatchilar, davlat arboblari, balki barchani tashvishga soladigan muammolardan biriga aylanmoqda. Biz bu kurrai zaminni asrashimiz, uning tabiati, resurslari,  hayot uchun muhim imkoniyatlarini doimo asrashimiz va qadriga yetmog‘imiz lozim. 

Bugun insoniyat uchun global iqlim isishining oldini olish va bunga qarshi kurashish, suv va tabiiy boyliklar zaxiralaridan donolik bilan foydalanish, muqobil energiya tizimlariga o‘tish, hayvonot va nabotot olamining rang-barangligi, turli-tumanligini asrab qolish, hayot uchun muhim shart-sharoitlarni keyingi avlodlarga to‘kis va yetarli darajada qoldirish muhim vazifalarimizdan biridir. Shuning uchun ushbu tashrif davomida amalga oshirilgan kelishuvlar ichida iqlim muammolari ham muhokama etilgani va bu mavzu doirasida  takliflar bildirilgani kelajakdagi ilmiy va amaliy ishlarning asosi bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.

Shu o‘rinda bu mavzu atrofida gap ketar ekan, har birimiz ushbu tashrif davomida fikr yuritilgan masalalar haqida o‘z munosabatimizga ega bo‘lishimiz, jumladan, Yevropaning rivojlangan va ko‘zga ko‘ringan davlatlaridan bo‘lmish Vengriya bilan savdo-sotiq hajmlarining oshishi, mazkur davlat bilan tovar aylanmasining oshib borishi mamlakatimizning kelajakdagi iqtisodiy yuksalishida ham katta rol o‘ynashini ta’kidlash joizdir. Tashrif davomida davlatimiz rahbari barcha sohalar singari savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida "Turk-treyd" onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi.

Bir so‘z bilan aytganda mazkur mamlakatga davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida amalga oshirilgan kelishuvlar ikki mamlakat orasidagi diplomatik munosabatlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, davlatlar o‘rtasidagi kelgusi munosabatlarning mustahkamlanishi va tobora barqarorlashib borishida katta rol o‘ynaydi. 

Azamat TAVBOYEV,

Xalq deputatlari Payariq tuman Kengashi deputati.

Teglar
- -