#Matbuot_anjumani Xalq deputatlari Payariq tumani Kengashi kotibiyati mudiri J.Axunov ishtirokida Matbuot anjumani o'tkazildi
Xalq deputatlari tuman Kengashining hududlardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylantirish borasida olib borilayotgan ishlari to‘g‘risida
MA’TBUOT ANJUMANI
Xalq deputatlari tuman Kengashida faoliyat yurituvchi deputatlar tomonidan hududlardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi olib borilayotgan ishlari tobora jadallashib bormoqda.
Deputatlarning aholi bilan samarali muloqot olib borishi, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etishi, murojaatlarni ko‘rib chiqishi, qonun, qaror va dasturlar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini olib borishiga qulaylik yaratish maqsadida doimiy asosda ishlovchi Xalq deputatlari Payariq tumani Kengashi kotibiyati 2021-yil 23-yanvardan o‘z ish faoliyatini boshlagan.
Kotibiyatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- Kengash faoliyatini tashkiliy, huquqiy, axborot-tahliliy va boshqa jihatlardan ta’minlash;
- Kengash va uning doimiy komissiyalarining nazorat sohasidagi vakolatlarini samarali amalga oshirishiga ko‘maklashish;
- mahalliy ijroiya hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa idoralar rahbarlari va mansabdor shaxslarining hisobotlari (axborotlari) eshituvini tashkil qilishga ko‘maklashish;
- Kengash faoliyatiga doir hujjatlarning “Kengash.gov.uz” elektron tizimi orqali yuritilishini ta’minlash;
- Kengash va uning doimiy komissiyalarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda uning qo‘mitalari (komissiyalari) bilan hamkorligini tashkil etish;
- Kengash faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga ko‘maklashish.
- tuman Kengashi va uning doimiy komissiyalari qarorlari loyihalarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek yuridik texnika talablariga muvofiqligini ko‘rib chiqish, mazkur hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy tusga ega qarorlarning mahalliy Kengash muhokamasiga kiritilishidan oldin tuman Adliya bo‘limida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil qilish;
Kengashi kotibiyati faoliyati davomida 2021-yilda 25 marotaba tuman Kengashi sessiyalari o‘tkazilgan bo‘lib, 2022-yilda 26 marotaba, 2023-yilda 21 marotaba, 2024-yilda esa 17 marotaba sessiyalar o‘tkazilgan. Mahalliy ijro hokimiyati, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa idoralar rahbarlari va mansabdor shaxslarining hisobotlari yoki axborotlari muhokama qilingan va
2021-yilda 225 ta, 2022-yilda 324 ta, 2023-yilda 225 ta, 2024-yilda esa 172 ta qarorlar qabul qilingan.
2021-yil davomida Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan 146 ta, 2022-yilda 471 ta, 2023-yilda 357 ta, 2024-yilda esa 66 deputatlik so‘rovlari yuborilgan.
E’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihati shundaki 2021-2022 yillarda sessiyalar va qarorlar sonida o‘sish kuzatilgan. Biroq 2023 yilda sessiyalar va qarorlar kamaygan. Bu esa sessiyalarda dolzarb masalalar ko‘rilganligi, sessiya va qarorlar soni emas ularning ijro etilishiga, aholining ko‘proq muammolari hal qilinishiga e’tibor qaratilgan.
2024-yilda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida holat kuzatilmadi. Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlarini vaqtincha dahlsizlik huquqini yеchib turish bo‘yicha tuman prokuraturasining taqdimnomalari kelib tushmagan.
Kotibiyat faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan bir marta Samarqand viloyati Adliya boshqarmasining taqdimnomasi kelib tushdi. Mazkur taqdimnoma yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati xodimlariga tegishli tushuntirishlar berildi.
Xalq deputatlari tuman Kengashining ish faoliyati ochiqligini ta’minlash hamda axborot va ma’lumotlarni olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sessiyalar onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. Tuman Kengashining ish faoliyati OAVlarda va ijtimoiy tarmoqlarda doimiy ravishda yoritilishi ortidan halqimizning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi ortmoqda. Sessiyalarda chiqarilgan qarorlar E-Kengash tizimi orqali e’lon qilib borilmoqda.
Doimiy ravishda sessiyalarda aholini qiynab kelayotgan muammolar muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ushbu chora-tadbirlarning ijrosi xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiya raislari tomonidan ta’minlanib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Xalq deputatlari Payariq tumani Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 25 ta saylov okrugi mavjud bo‘lib, bugungi kunda 25 nafar deputat tuman Kengashida faoliyat olib bormoqda.
2025-yil davomida Kengash faoliyatining samaradorligini oshirish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish maqsadida Xalq deputatlari tuman Kengashining hamda doimiy komissiyalarini yillik ish rejasi muhokama qilinib ishlab chiqilgan.
Deputatlarimiz tomonidan aholini qiynab kelayotgan muammolarni joyiga chiqgan holda aholi bilan uchrashib bartaraf qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tuman Kengashi kotibiyati tomonidan 2025-yilda ham deputatlarning o‘z okruglarida sayyor qabullar o‘tkazish bo‘yicha reja-jadvallar ishlab chiqish va nazoratga olish belgilab olingan.
Xalq deputatlari tuman Kengashi oldingi rasmiyatchilik uchungina ishlaydigan, nomi boru, o‘zi yo‘q tashkilotdan bugungi kunga kelib doimiy harakatdagi rivojlanib borayotgan nazorat organiga aylanmoqda.
Deputatlar tomonidan 2025-yilda brifing va matbuot anjumanlarini o‘tkazish reja-grafik asosida tashkil etilgan bo‘lib, o‘z navbatida deputatlarning saylovchilari oldidagi mas’uliyatini oshirishga qaratildi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahallalardagi muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirish va nazorat qilish bo‘yicha mas’uliyati oshib borayotganligi bugungi kunda sir emas.
O‘tkazilinayotgan sessiyalarda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlarda belgilanayotgan vazifalar ustidan deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yish masalalari alohida aks ettirilib, ijrochilarning hisobdor ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.
Bu esa, deputatlardan har doimgidan ham faol va samarali faoliyat yuritishni, o‘z ustida doimiy ishlash zarurligini, qonunchilikdagi yangiliklardan doimiy xabardor bo‘lib turish lozimligini talab qilmoqda.
Tumanimizdagi islohotlarni izchil davom ettirishda tuman Kengashi deputatlari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish asosiy vazifalarimizdan biridir.