SUYULTIRILGAN GAZ TA’MINOTIDAGI ID KARTALARDAN FOYDALANISH TARTIBI
Bugungi kunda yurtimizda barcha sohalarda aholiga qulaylik va imkoniyatlar yaratib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa ID-kartalarning joriy etilishi sohalarda ovvoragarchiliklar va korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suyultirilgan gaz ta’minotida avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgach xarid uchun iste’molchidan naqd pul qabul qilishga chek qo‘yildi. Hozir iste’molchi gaz ballon olganida unga taqdim qilingan ID-kartadan 22 400 so‘m yechiladi. Abonentlarga berilgan ID-kartalar “Ye-gaz” onlayn tizimiga ulangan bo‘lib, ID-kartada iste’molchining oxirgi marta qachon gaz ballon bilan ta’minlanganligi “Ye-gaz” onlayn tizimida ko‘rinib turadi.
Bitta xo‘jalikka faqat bir dona gaz ballon beriladi. Iste’molchilarning suyultirilgan gaz ta’minoti uchun “Ye-gaz” tizimini faollashtirishda aloqa xizmati yaxshi bo‘lgan hududlarda “on-line”, aloqa yaxshi bo‘lmagan hududlarda “of-line” tizim yolga qo‘yilgan.
Hozirgi kunda maishiy gaz ballonlarning hisobini yuritishda avtomatlashtirilgan nazorat tizimini tadbiq qilish maqsadida, har bir gaz ballon maxsus bar kodli yorliqlar bilan ta’minlanmoqda. Payariq tumanida ham maishiy gaz ballonlarga bar kodli yorliqlar o‘rnatilgan bo‘lib, tuman bo‘yicha jami 41 583 ta ID-kartalar faollashtirilgan. Buning natijasida “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suyultirilgan gaz ta’minotini onlayn nazorat qilgan holda aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash va sohadagi muammolarga barham berish ko‘zda tutilgan. Avtomatlashtirilgan tizimda belgilangan mablag‘ tegishli muddatda ID-kartadan yechib olinadi, ya’ni chilangar-ta’minotchi tomonidan gaz ballon uchun qo‘ldan pul olinishi uchun yo‘l qo‘yilmaydi. ID-kartalar faqat maishiy gaz ballonidan foydalanish uchun belgilangan bo‘lib, mazkur tizimda gaz ballonning tarqatilish oralig‘i 45 kun bo‘lsa, shu muddat ichida faqatgina bir marta pul yechib olinadi va ushbu kartadan boshqa iste’molchining foydalanish imkoniyati yo‘q, 45 kun ichida ikkinchi bor gaz ballon olishning ham imkoni bo‘lmaydi.