Fuqarolarga xizmat qilish munosiblarga nasib qiladi

Ayrim hollarda «Qonun qabul qilindi, lekin nima o‘zgardi, faqat qog‘oz qoralashdan kimga, nima naf», degan noo‘rin fikrlarni eshitib qolamiz. Vaholanki, qonunchilikka kiritilayotgan har bir o‘zgartish yoki qo‘shimchalar aniq maqsad va vazifalarga xizmat qiladi.

Misol uchun, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunda zamonaviy davlat fuqarolik xizmatchilarini shakllantirish, buning uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va adolatli jazo mexnazmlari belgilangan.
Chunki Qonun bilan yangicha turdagi intizomiy jazo turlari ham joriy qilindi. Xususan, Qonunning 46-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchilariga quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin bo‘ladi:
- xayfsan;
- o‘rtacha ish haqining 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi jarima;
- malaka darajasini pasaytirish;
- lavozimini pasaytirish;
- egallab turgan lavozimidan ozod qilish.
Ko‘rinib turibdiki, ilgarigidan farqli tarzda davlat fuqarolik xizmatchilariga faqatgina o‘rtacha ish haqining 30 foizigacha jarima qo‘llaniladi, xolos. Vaholanki, amaldagi Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq, agar korxonaning ichki mehnat tartibi qoidalarida ko‘rsatilgan bo‘lsa, xodimga o‘rtacha ish haqining 50 foizigacha jarima ham qo‘llanilishi mumkin edi. Demak, endi intizomiy jazo o‘rtacha ish haqining 30 foizidan oshishi mumkin emas.

Malaka darajasini pasaytirish esa butunlay yangi jazo. Umuman, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilariga darajalar beriladi. Intizom buzilganligi uchun ana shunday malaka darajalarini pasaytirish choralari ham qo‘llanilishi mumkin.
Qolaversa, endi davlat fuqarolik xizmatchisi intizomni buzganligi uchun uni boshqa, pastroq lavozimga o‘tkazish amaliyoti ham qo‘llaniladi.
Shu o‘rinda yana bir gap. «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunning 44-moddasida lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar rag‘batlantirish choralaridan biri, ya’ni rag‘batlantirish turlaridan biri ekanligi belgilangan. Ya’ni, qonunda ustamalar Mehnat kodeksidan farqli ravishda rag‘batlantirish chorasi ekanligi ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunning 47-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisining intizomiy javobgarlikka tortilishi unga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishini bekor qilmaydi.
Ya’ni, Mehnat kodeksidan farqli ravishda yuqoridagi Qonunga ko‘ra davlat fuqarolik xizmatchisiga intizomiy jazo qo‘llanilishi unga nisbatan rag‘batlantirish choralarini qo‘llashga taqiq qo‘ymaydi.
Ayni paytda yana bir ma’lumotni aytib o‘tish maqsadga muvofiq: 2022 yil 14 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining «Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari hamda Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Qarorda odob-axloq qoidalarini buzgan xizmatchilarga intizomiy va boshqa turdagi javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkinligi ko‘zda tutilmoqda (Jazo turlarini yuqorida aytdik).
Misol uchun, odob-axloq qoidalarida «xushmuomalalik, e’tiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uyg‘otish» belgilangan. Shuningdek, «Oilasida sog‘lom muhitni ta’minlab, oila a’zolariga doimiy g‘amxo‘r bo‘lish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish» ham aks etgan.
Demak, davlat fuqarolik xizmatchisi ishlasa, nafaqat boshqalar bilan chiroyli muomala qilishi, balki oilaviy muhitini ham to‘g‘rilab qo‘yishi kerak. Zotan, oila a’zolariga g‘amxo‘r bo‘lmagan, bolalarini bir chetga tashlab qo‘yadigan yoki farzandlarini axloqsiz qilib tarbiyalayotganlarga ham komissiya xulosasi bilan intizomiy jazo choralari (egallab turgan lavozimidan ozod qilish bo‘lishi ham mumkin) qo‘llaniladi.

 

Bahodir Qarshiyev,
Viloyat hokimligi bosh yuriskonsulti.

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM