DXA: Xo‘ja Ismoilda yangi filial foydalanishga topshirildi

Ma’lumki, mamlakatimiz Prezidentining 2020 yil 31 yanvardagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida respublikamizning eng chekka va olis hududlarida  Davlat xizmatlari markazlarining filiallarini tashkil etish vazifasi belgilab berilgan edi. 

Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan vaqt davomida Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyatning 6 ta hududida Davlat xizmatlari markazlarining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda markaz xodimlari  haftada ikki kun fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatib kelmoqda. 

Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan Payariq tumanidagi Xo‘ja Ismoil MFY binosida ham markazning yangi filiali ishga tushirildi. Unda fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoit mavjud. 
Ta’kidlash kerakki, ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini tuman markazidan 30 km. uzoqlikda joylashgan. Hududda 5 ta mahalla, 15 ta qishloq mavjud bo‘lib, ularda qariyb 21 ming aholi istiqomat qiladi. Bu endilikda ular ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab tuman markaziga bormasdan, 150 dan ortiq davlat xizmatlaridan o‘z yashash joylaridan chiqmagan holda foydalanish imkoniga ega deganidir. 

— Joriy yilning boshidan bugunga qadar 500 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi, — deydi DXA Samarqand viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi Xurshid Muxtorov. — Shu jumladan, ko‘rsatilgan xizmatlarning 5 mingdan ortig‘i viloyatdagi filiallar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shundan Payariq tuman DXM tomonidan 23 953 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Ya’ni tumanda davlat xizmatlariga bo‘lgan talab yuqorilab bormoqda. Agar tumanda qariyb 70, 80 kilometrlab olisda joylashgan qishloqlar mavjudligini inobatga olsak, filiallarga bo‘lgan talab ham yuqoriligini ko‘ramiz. Ushbu ochilgan filial esa ana shu talabning ma’lum qismini ta’minlashga xizmat qiladi, degan umiddamiz.  

Filial ochilishida so‘zga chiqqanlar ham mustaqillik bergan bunday imkoniyatlar, xususan, aholi murojaatlari bilan ishlash sohasidagi yutuqlar, fuqarolarning turmush farovonligini oshirish, ularni buguni va ertasidan rozi qilish yo‘lida amaliyotga tatbiq etilayotgan bu kabi islohotlar besamar ketmasligini ta’kidlab, shu ishlarga bosh qo‘shayotganlarga minnatdorchilik bildirishdi.

Press-tur davomida jurnalistlar va tadbir ishtirokchilar filialda yaratilgan shart -sharoitlar bilan tanishtirilib,  DXA Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan fuqarolarga sifatli va shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida qul urilayotgan yangiliklar, qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM