Ota-onalar yig‘ilishida kim nima dedi?

31-maktabdagi  ota-onalar yig‘ilishi har galgidan boshqacha bo‘ldi.  Ahamiyatlisi,  ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini ochiq-oydin bayon etishdi. Nima qilsak, yangi o‘quv yilida yangi yutuqlar bo‘ladi? Shu va shunga o‘xshash savollarga javob izlandi.

- Maktabimizda o‘qiyman, izlanaman degan o‘quvchiga yetarli sharoit bor,- dedi maktab direktori Dilorom Suyunova.-  Afsuski, bunday imkoniyatlardan foydalanmay, ota-onani, maktab ma’muriyatini sarosimaga solayotgan yoshlarimiz ham yo‘q emas? Eng yomoni o‘qishni davom ettirish bir yonda qolib, chet eldagi qora mehnatni orzu qilayotganlarga nima deyish kerak?
Hozir maktablarning umumiy ahvoliga qarab “yashil”, “sariq”, “qizil” toifalarga ajratilgan.  Achinarlisi, o‘tgan o‘quv yili natijasiga ko‘ra biz ta’lim berayotgan maktab ham “qizil” toifaga tushib qolgan. Sababi maktab o‘quvchilarining oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsatkichi nolni tashkil etayapti. Birinchi navbatda bunday holatga yo‘l qo‘yib bergan ota-onalarga ham “rahmat” deyish kerak emasmi? Shuncha imkoniyatni oyoq osti qilgan o‘sha bolaga-chi.  Bu yoqda o‘qituvchining fig‘oni falakka chiqib ketayotganligi bilan nima ishi bor ularning? O‘quvchilarimning birontasi oliy o‘quv yurtiga kirolmabdi deyish osonmi? Nega o‘qishga kirolmaydi, sen yaxshi o‘qitmagansan, tarbiya bermagansan degan savollar birinchi navbatda    oʻqituvchisiga berilmaydimi ? Bechora oʻqituvchi nima qilsin? Ta’lim berganiga shunchalik aybdormi? Bu yerda ota-onaning, mahalla kuyning o‘rni qani? 
Yilda bir marta bo‘ladigan ota-onalar yig‘ilishiga ham borishni or biladiganlar bor.  Ayoliga “sen boraqol  baribir qo‘yishmaydi, yo‘qlamadan o‘tgin-da kelaver”. Ana sizga oddiy haqiqat. O‘g‘lim yoki qizim qanday o‘qiyapti, qaysi fanlarga qiziqishi baland, qaysi kasbga yo‘naltirsak bo‘ladi deyish yo‘q. Hech kim indamasa bo‘ldi, buyog‘i hammasi besh. Ertaga farzandi o‘qishga kirolmasa, dunyoni  ostun-ustun qiladi.” Maktabdagi muallimlarni qaytadan o‘qitish kerak, farzandim zo‘r edi, unga o‘rgatadigan o‘qituvchisining tayini yo‘q” kabi gaplarni qalashtirib tashlaydi.
 Bu bilan ota-onalarning hammasi ham beparvo demoqchi emasman. Maktab-ota-ona- o‘quvchi o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak. Farzand kelajakda qaysi kasbni tanlaydi, shunga qarab uning o‘qishini belgilash lozim. Kerak bo‘lsa, qo‘shimcha adabiyotlarni ham olib beraylik. Uning qiziqishi bundan ham oshib boraversin.
- Ma’naviyat-ma’rifat yuksalgan joyda har doim ham ijobiy siljish bo‘lgan,- dedi maktab direktori o‘rinbosari Toshpo‘lat To‘qboyev.- Keyingi paytlarda o‘quvchilarimizning turli tanlovlarda, sport musobaqalarida yaxshi ishtirok etayotganligi tahsinga loyiq. Lekin meni o‘ylantiradigani boshqa narsa. Telefon degan narsa chiqib, bir balo bo‘ldi. Kimga qaramang, qo‘lida telefon. To‘g‘ri, uni ishlatish kerak. Faqat o‘z o‘rnida bo‘lsin-da. Indamasang, ertalabdan kechgacha internetini titkilab o‘tiradi. Ayting, hurmatli ota-onalar bundan nima foyda?. O‘zi maktab o‘quvchisiga bu matohning nima keragi bor? Shuning o‘rniga kitob o‘qisa yaxshi emasmi?  
Yig‘ilish qizg‘in savol javobga boy bo‘ldi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan Shakarboy Abdurayimov, Asqar Sherqulov, Shirinboy Abdurayimov kabi ota-onalar ham o‘z munosabatini bildirishdi. Yangi o‘quv yili yangi yutuqlar bilan boshlanishi uchun hamma birdek mas’uliyat bilan yondashishiga kelishib oldilar.

 

Husniddin XOLDOROV,
31-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM