Qanday hollarda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi

a) ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad belgilangan mezondan ya’ni 498 557 so’mdan oshganda;

b) idoralararo elektron axborot tizimi orqali olingan ma’lumotlar bo‘yicha Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrida ariza beruvchi va uning oila a’zolari egaligida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud bo‘lganda;
v) ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z nomiga rasmiylashtirilgan yoki bosh ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjud bo‘lganda:
ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi;
ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;
jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi; 
g) ariza beruvchi va uning oila a’zolarining tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlarida ariza berilgan oyda amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq miqdorda mablag‘lari mavjud bo‘lganda;
d) ariza beruvchi va uning oila a’zolarida ariza berilgan oyda bozor qiymati mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq summani tashkil etuvchi qimmatli qog‘ozlar mavjud bo‘lganda;
e) O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarning xizmatchilari va xodimlari yoki ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i va bolalari), shuningdek, pensionerlari tomonidan arizalar taqdim etilganda;
yo) Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan pensiyalar bilan ta’minlanganda;
j) bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi va uning oila a’zosi tomonidan bir oyda takroriy ariza taqdim etilganda. Bunda takroran taqdim etilgan ariza “Yagona reyestr” ATga kiritilgandan so‘ng ariza ko‘rib chiqilmasdan, arizachiga rad javobi arizada ko‘rsatilgan elektron manzilga yoki SMS-xabar orqali mobil telefon raqamiga jo‘natiladi;
z) oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan a’zolari mavjud bo‘lganda;
i) oilaning oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan a’zosi tomonidan mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad etilgan hollarda;
k) rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lganda.

 

A.Tursunov,

Budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi Payariq tuman bo’lim boshlig’i

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM