Ilm va innovatsiyaga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish

Bugun tuman hokimining o'rinbosari Rashid Niyatov ishtirokida "Ilm va innovatsiyaga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish" va "Tumanda turizmni rivojlantirish istiqbollari" mavzularida ochiq muloqot bo'lib o'tdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6198-sonli farmoniga asosan bir qator vazifaar belgilab berildi. Xususan, mamlakatni innovatsion rivojlantirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalar asosida rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish, hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirish, tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish, yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni keng jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirish, innovatsion ishlanmalar asosida amalga oshiriladigan loyihalarning moliyaviy, iqtisodiy va texnik ekspertizasini o‘tkazish va intellektual mulk ob’ektlarini tatbiq etish uchun zarur sharoitlarni ta’minlash, iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash hamda tarmoq ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, startap loyihalarini amalga oshirish, intellektual mulk qatnashadigan yangi tashkilotlarni shakllantirish va ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, innovatsiyalar va texnologiyalar transferi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Bugungi kunda innovatsiya degan tushunchaga juda ko‘p duch kelyapmiz. U nimani anglatadi?

“Innovatsiya” atamasi lotincha “novatio” so‘zidan olingan bo‘lib, “yangilanish” (yoki “o‘zgarish”) degan ma’noni bildiradi. Innovatsiya bozor talabidan kelib chiqib, jarayonlar va mahsulotlarning sifatli o‘sish samaradorligini ta’minlash uchun joriy etilgan yangilikdir. U inson intellektual faoliyati, uning fantaziyasi, ijodiy jarayoni, kashfiyotlari, ixtirolari va ratsionalizatorligining yakuniy natijasi hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘plab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar ilm-fan, ma’rifat, innovatsiya yo‘nalishlarida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritib kelishmoqda va bu xorijda ham e’tirof etilmoqda,- deydi Rashid Niyatov o'z maruzasida.

Shuningdek, muloqot davomida Payariq tumanida turizmni rivojlantirish istiqbollari haqida ham so'z yuritildi.

Tumanda turizmni rivojlantirish soxasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Imom Al-Buxoriy” memorial majmuasi atrofida 7 ta blok tarkibida 27 ta binodan iborat zamonaviy mexmonxonalar kompleksi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda kompleksga kiruvchi 3 ta mehmonxona binosining qurilish ishlari boshlangan. Kompleks hududida istirohat bog‘lari, restoran va kafelar barpo etiladi. Xorijiy investor “GMFR-Samarkand” MChJ tomonidan 1,0 mln. AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilgan. Ushbu yo‘nalishda ishlarni jadallashtirish bo‘yicha hamkor investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, kompleksidagi eng yirik inshoot “SAG” qo‘shma korxonasi tomonidan qurilishi olib borilayotgan umumiy qiymati 100 mlrd. so‘m bo‘lgan 300 o‘rinlik mehmonxona 2023-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mehmonxonada 30 dan ortiq doimiy va 50 dan ortiq mavsumiy ishchilar ish bilan band qilinadi.

Tumanning “Choshtepa” mahallasi hududida turizm qishlog‘i tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda turistlar qulayligi uchun mahalla ko‘chalari asfalt bilan qoplangan, elektr ta’minoti yaxshilanib transformatorlar o‘rnatildi. Hududni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 1,8 km suv tarmoqlari tortildi.

Ushbu hududda madaniy meros ob’ekti hisoblangan “Yalpoqtepa 3” tarixiy-madaniy meros obyekti joylashgan. Shuningdek, hududda IV-VIII asrlarga oid “O‘klantepa” arxeologiya meros obyekti joylashgan.

Choshtepa turizm qishlog‘ida sayyohlar uchun har bir xonadonda qishloq aholisining turmush tarzi bilan yaqindan tanishish, milliy taomlaridan tanovul qilish, ularni tayyorlash uchun sharoitlar yaratiladi. Masalan, bu yerga kelgan sayyoh uy-mehmonxonaga joylashtiriladi. Ular mahalliy aholi bilan xohlasa sabzi to‘g‘rab, osh damlaydi, xohlasa do‘ppi, chopon tikadi.

Bundan tashqari, ekologik turizm (ekoturizm) diqqatga sazovor joylarni o‘rganish va ulardan zavqlanish uchun tabiatning inson qadami «tegmagan» (nisbatan kam tekkan) joylarga sayohat qilishni anglatadi. Bundan tashqari, sayyohlar uchun ushbu hududlarning madaniy va etnografik xususiyatlari ham qiziq. Ekoturizm mahalliy aholining faol ijtimoiy-iqtisodiy ishtirokini va mazkur faoliyat turidan daromad olishini ham ta’minlaydi.

Ammo bunday hududlar ko‘pincha qo‘riqxonalar, biosfera rezervatlari yoki ularga yaqin joylardan tashkil topgan. Ular tarkibida yo‘qolib borayotgan hayvonlar va o‘simliklarning o‘nlab yoki yuzlab turlari mavjud. Ushbu hududlar qonun himoyasida va odatda ommaviy kirish uchun yopiq hisoblanadi. U yerlarga sayyohlar kirib borishi va oqimining ko‘payishi insonning tabiatga qo‘pol aralashuvi demakdir. Bu qo‘riqlanayotgan hududlarning ifloslanishiga olib kelishi va ulardagi ekotizim yaxlitligiga tahdid solishi mumkin.

Shu maqsadda, tabiatga zarar yetkazmagan xolda tumannnig tog‘ oldi hududlarida, hususan “Nakurt”, “G‘allakor”, “Ko‘lto‘sin” mahallalarida ekologik turizmni rivojlantirish uchun infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirish yo‘lida ishlar olib borilmoqda. Hususan, mehmon uylari, umumiy ovqatlanish shaxobchalari, ko‘ngilochar maskanlar va sanitariya gigiena shaxobchalari sonini oshirish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari tumannning “Boshcho‘rosh” mahallasida mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda baliqchilik xavzalari atrofida infratuzilma yaratgan xolda ushbu xavzalarda baliq ovlash, qayiqda sayr qilish, suzish kabi xordiq olish xizmatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tumaninig “O‘zbekiston” mahallasida “OFDEBZAY” ma’suliyati cheklangan jamiyati tomonidan eko turizmni rivojlantirish maqsadida strauslar fermasi tashkil qilingan bo‘lib, aholi va sayyoxlar uchun tamosha tadbirlari tashkillashtirilgan.

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM