Fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini kuchaytirish hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni ta’minlash borasidagi ishlar

Bugun Mahalla va nuroniylarni qo'lla-quvvatlash bo'limi boshlig'i Shuxrat Farmonov ishtirokida “Fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini kuchaytirish hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni ta’minlash borasidagi ishlar” mavzusida matbuot anjumani o'tkazildi.

Mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati, huquqiy-demokratik davlatga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta. Xususan, mahalla odamlarning o‘y-fikrlari, orzu-istaklari va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan, barcha ezgu va xayrli ishlarga tamal toshi qo‘yiladigan maskandir.

Mahalla qadimdan tarbiya o‘chog‘i, odamlarni hamjihatlik, uyushqoqlik asosida turmush kechirishlarini ta’minlovchi go‘sha hisoblangan. Katta hayotiy tajribaga ega keksalar, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar mahalladagi barcha ishlarni, marosimu to‘ylarni boshqarganlar. Mahalla ahliga barcha masalalarda yo‘l-yo‘riq, maslahatlar berganlar. Har bir oilaning tinch-totuvligi, har bir kishining odob-axloqi, hulqi, yurish-turishi mahalla kattalari tomonidan nazorat qilingan, boshqarilgan. Shu ma’noda aytish mumkinki, mahalla mazmun va mohiyatiga ko‘ra xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari ulug‘lanadigan, o‘ziga xos tarbiya va ma’naviyat beshigi hisoblanadi.  

Bugungi yurtimizda olib borilayotgan islohatlarning natijasi o‘laroq mahallaning jamiyatdagi, insonlar hayotidagi  o‘rni, roli va nufuzi yanada ortib bormoqda.

- Ayni kunda tumanimizdagi 65 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 265 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini kuchaytirish borasida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bunday ijobiy ishlarga  birgina misol O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2021 yil 22 sentabrdagi PQ-5250-sonli “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Openbudget.uz” axborot portalining  joriy etilishini ko‘rsatish mumkin. - deydi Shuxrat Formonov o'z ma'ruzasida.

Ushbu loyiha fuqarolarni budjet jarayoniga jalb qilish mexanizmining ishga tushirilishi joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish va jamoatchilikni budjet jarayonining ishtirokchisiga aylantirishda alohida vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan o‘tgan 2022 yil davomida Payariq tumanida ham  “Openbudget.uz” axborot portaliga tashabbuskorlar tomonidan joylashtirilgan 200 dan ortiq loyihalar ichidan bir nechta loyihalar aholi tomonidan berilgan ovozlar hisobiga g‘olib deb topilib, belgilangan tartibda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Ushbu jarayonda 35 mingdan ortiq tumandoshlarimiz faol ishtirok etib, o‘zlari uchun ma’qul bo‘lgan loyihlarga ovoz berdilar. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini oshirib kelmoqda.

  Mahallalar bilan yangicha asosda ishlash, jamiyatimiz fayzi bo‘lgan nuroniy va keksalarimizga munosib e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha bunday yondashuv ko‘zlangan natijani berishi, “inson qadri uchun” g‘oyasini to‘la ro‘yobga chiqarishi shubhasiz. Nega deganda, qabul qilingan yangi dasturiy hujjatlarda hammasi aniq-ravshan belgilab berilgan, amaliy mexanizmlar puxta o‘ylangan.

Jumladan 2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot Strategiyasining 1-maqsadida Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish belgilab qo‘yilgan. Ushbu maqsadning ijrosini ta’minlash uchun joylarda amalga oshiriladigan vazifalar belgilangan:                                                                                                                                      

Hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish maqsadida mahallalar vakolatlarini kengaytirish, ularning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish.

Fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlash, mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish.

Mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish.

Mahallalarning «o‘sish nuqtalari» va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish.

Mahallalar uchun yuqori malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash, barcha mahalla raislari va hokim yordamchilarida boshqaruv asoslari, bandlikni ta’minlash, bank-moliya, tomorqa, yer, chorvachilik va parrandachilik bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi institutining samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

 -Yuqorida belgilangan vazifalarning joylarda bajarilishi davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni ta’minlash uchun xizmat qiladi. - deydi bo'lib boshlig'i anjuman so'nggida.

 

 

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM