KASALLIKNI YASHIRMANG

Xalqimizda kasalni yashirsang, istimasi oshkor qiladi degan hikmatomuz gap bor. Hayronman. Bir xillarga mana shu ishingni qo‘y, qo‘y desangiz, battarini qiladi. Qilg‘iliqni qilib shaytonga to‘nkab turaveradi. Bunday deyishimizga misollar bisyor.

Ko‘pincha oqsoqollar bilan suhbatlashib qolamiz. Nega mahallangizda oilaviy ajrim, o‘g‘irliklar bor, yoshlarning janjallari ham bo‘lib turarkan desangiz, qisqagina javob beradi qo‘yadi. «U oila o‘zi shunaqa, mana bunisiga keladigan bo‘lsak, faqat janjal qilib yuradi, deyishdan nariga o‘tmaydi. Agar qo‘lga tushib qoladigan bo‘lsa, yaxshi bo‘pti, tinmasang tinasan deb o‘zini-o‘zi ovutib yuraveradi.
Ko‘rayapmiz, eshitayapmiz bir xil voqealar fojiali yakun topayapti. Bularni shu hududning oqsoqollari bilmaydi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. Biladi. Agar jinoyati oshkor bo‘ladigan bo‘lsa, «televideniyeni chaqir, oqsoqollarni yig‘» deb, vahima qilish bo‘lsa, qoyillatamiz. E, barakatopkur ana shu yig‘ilishni oldin qilsa, bo‘lmasmidi? «Sen tunov kuni unday qilding, bunday qilsang jinoyat bo‘ladi» deb hayotiy misollar bilan tushuntirsa bo‘ladi-ku. Ana shuni mahallada tashkillashtirish shunchalik ham qiyinmi? Qachongacha og‘zakidan besh bo‘ladi?  Biz nima qilamiz, to biror karxol bo‘lmaguncha tomoshabin sifatida kuzatib turaveramiz.
Markaziy shifoxonaning oldiga boraylik. Yo‘nalishsiz taksilar bilan to‘la. Ming marta aytildi, shu yo‘nalishsiz taksilar uchun bitta avtoturargoh kerak deb. Aytilgan gaplar havoda qolib ketayapti. Keyinchi, keyin deyishingiz mumkin, mana shu yo‘lda tirbandlik hosil bo‘layapti. Markaziy shifoxonaning avtoturargohi yo‘nalishsiz taksilar uchun stoyanka vazifasini o‘tayapti. Shifoxonaga kelgan bemorlarning mashinalariga bu yerda joy yo‘q. Ikkitasi egallab olgan. Kirsang buncha berasan, chiqsang, buncha. Insofsizlik ham evi bilanda, og‘ayni, evi bilan.
 Yurtimizda xalq ta’limi tizimi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bir xil maktablarda yaratilgan shart-sharoitni ko‘rib g‘ururlanib ketasan. Bir xillarida esa… Qilinishi mumkin bo‘lgan yumushlar paysalga solinayapti.  Ayrim maktablarimizni ancha yillardan buyon ichimlik suvi muammosi qiynab kelmoqda. O‘quvchilar maktabga baklashkalarda suv olib kelishga majbur bo‘layotir. Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. O‘zi qaysi zamonda yashayapmiz? Hamma narsa yoshlar uchun degan gaplarimiz qayda qoldi?  Kompyuter, sport jihozlari yetishmayapti deb aytilsa, tushunsa bo‘ladi. Lekin ichimlik suvi yo‘q maktabni  tasavvur qilish mumkinmi? Sho‘ o‘rinda ko‘plab maktablarimiz katta yo‘l yoqasida joylashgan. Bu yo‘lda na zebra chiziqlari, na yo‘l qoidalarini ko‘rsatib turuvchi belgilar bor? Transportlar hoxlagan tezlikda, hohlagancha o‘tib ketib yotibdi.
Bu bilan birovning yoqasidan olish fikridan yiroqmiz. Qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni vaqtida amalga oshiraylik demoqchimiz, xolos. Maqolamizni xikmatomuz gap bilan boshlagan edik. So‘ngi so‘z o‘rnida ham hikmatli maqol bilan tugatishni joiz deb bildik. Kasalni davolagandan ko‘ra, oldini olgan ma’qul. Shunday emasmi?

Husniddin XOLDOROV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.

2015-2024 © Пайариқ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM